Yordam
Qanday yordam bera olamiz?
Debixdan foydalanish boʻyicha qisqa javoblar — birinchi qarzdan hisobni oʻchirishgacha. Javob topmasangiz, support@debix.uz manziliga yozing.
Boshlash
Kirish, birinchi qadamlar va kontaktlar.
Debixga qanday kiraman?
Google yoki Telegram bilan — parol kerak emas. Kirish ekranida «Google bilan kirish» yoki «Telegram bilan kirish»ni tanlang. Davom etib, Foydalanish shartlariga rozilik bildirasiz.
Telegramni tanlasangiz, @DebixUz_Bot boti ochiladi: avval «Start», keyin «Raqamimni yuborish» tugmasini bosing.
Ilova birinchi ochilganda nimani koʻrsatadi?
Uch sahifali qisqa tanishuvni: qarzni bir zumda yozish, muddatni Debix eslatishi va qarzni sherik bilan yuritish. Kirganingizdan keyin bosh ekran boʻsh boʻladi — birinchi qarzni pastdagi «+» tugmasi bilan yozasiz.
Birinchi qarzni qanday yozaman?
Pastdagi «+» tugmasini bosing va yoʻnalishni tanlang:
- «Qarz berish» — pulni siz berdingiz, «Qarz olish» — siz oldingiz.
- Odamni kontaktlardan tanlang yoki ismi va raqamini qoʻlda yozing.
- Summani kiriting.
- Muddatni belgilang (yoki «Muddatsiz» qoldiring), xohlasangiz izoh va rasm qoʻshing, soʻng «Saqlash».
Kontaktlarimga ruxsat berishim shartmi?
Yoʻq. Ruxsatsiz ham ism va raqamni qoʻlda yozish mumkin.
Ruxsat bersangiz, Debix kontaktlarni telefoningizning oʻzida oʻqiydi: odamni tez topish va guruh aʼzolarini kontaktlaringizdagi ism bilan koʻrsatish uchun. Roʻyxat serverga yuborilmaydi — qarz yoki guruhga faqat siz tanlagan odamning ismi va raqami (yoki emaili) qoʻshiladi. Birgalikdagi qarzni qabul qilganingizda esa yuboruvchining kontaktlaringizdagi ismi ham yuboriladi.
Qarzlar
Qaytarish, muddat, eslatmalar va arxiv.
Qarzning bir qismi qaytarilsa-chi?
Qarz sahifasini oching va qaytgan summani yozing: bergan boʻlsangiz — «Qaytarib olish», olgan boʻlsangiz — «Qaytarish». Qoldiqni Debix oʻzi hisoblaydi, «Toʻliq qoldiq» tugmasi esa uni butunligicha qoʻyadi.
Qarz koʻpaysa — «Yana berish» yoki «Yana olish». Hammasini bir yoʻla yopish uchun — «Toʻlash».
Muddat va eslatmalar qanday ishlaydi?
Muddat qarz yozilayotganda tanlanadi: «Ertaga», keyingi kunlardan biri yoki «Boshqa sana». Debix muddat kuni va undan bir kun oldin eslatadi, odatda soat 10:00 da.
Eslatma vaqtini oʻzgartirish yoki «Bir kun oldin ham»ni oʻchirish mumkin:
Ilovada Sozlamalar → Boshqa sozlamalar → Bildirishnomalar
Qulflangan ekranda bildirishnoma faqat «Qarz eslatmasi» deb koʻrinadi, ism va summasiz. Yopilgan va arxivdagi qarzlarga eslatma kelmaydi.
Oʻzim xohlagan vaqtga eslatma qoʻysa boʻladimi?
Ha. Qarz sahifasining yuqorisidagi qoʻngʻiroqcha belgisini bosing va «Eslatma qoʻyish»da sana, vaqt va izohni tanlang. Bitta qarzga 10 tagacha shunday eslatma qoʻyish mumkin, «Takrorlash»da esa ularni har kuni, har hafta yoki har oy keladigan qilsa boʻladi.
Oʻzingiz qoʻygan eslatmalar avtomatik eslatmalar oʻchirilgan boʻlsa ham keladi.
Eslatma kech kelsa yoki umuman kelmasa-chi?
Avval bildirishnomalarga ruxsatni tekshiring: ruxsat boʻlmasa, «Bildirishnomalar» sahifasining tepasida «Bildirishnomalar oʻchirilgan» kartasi chiqadi — ularni oʻsha yerdan yoqasiz.
Batareya tejash rejimi ham eslatmalarni kechiktirishi mumkin, shuning uchun shu sahifada «Batareya sozlamalari» tugmasi bor.
Yopilgan qarzlar qayerga ketadi?
Qoldiq nolga tushgach, qarz sahifasida «Arxivga» tugmasi chiqadi. Arxivdagi qarzlar «Arxiv» sahifasida turadi (uni pastki menyudagi arxiv belgisi ochadi), kerak boʻlsa «Tiklash» bilan qaytariladi.
Qidiruv ism boʻyicha ishlaydi va faol hamda arxivdagi qarzlarni birga topadi — internetsiz ham.
Birgalikdagi qarzlar
Bitta qarzni ikki kishi bir xil koʻradi: har bir yozuvni ikkinchi tomon qabul qiladi.
Menga qarz yuborishdi. Nima qilaman?
Soʻrov «Bildirishnomalar»ga «Javobingiz kerak» belgisi bilan keladi. «Qabul qilish»ni bossangiz, qarz sizda ham paydo boʻladi; «Rad etish»ni bossangiz, yozgan odam buni koʻradi.
Bu odamdan boshqa soʻrov kelmasin desangiz, rad etayotganda «Boshqa soʻrov yubormasin» belgisini qoʻying — u bloklanadi.
Keyingi har bir yozuv, kim yozgan boʻlmasin, ikkinchi tomonning javobini kutadi — bunday yozuvlar «Javob kutmoqda» boʻlimida turadi.
Sherigimda ilova boʻlmasa-chi?
Qarzni baribir yozasiz, Debix esa sherigingizni «Ilovada emas» deb belgilaydi. Unga taklif havolasini yuboring: u Debixni shu havoladan oʻrnatib kirgach (yoki siz yozgan raqamni tasdiqlagach), qarz unda paydo boʻladi — faqat qabul qilish qoladi.
Havolasiz ham boʻladi: sherigingiz taklifdagi kodni ilovada «+» → «Qoʻshilish» orqali kiritadi yoki QR-kodni skanerlaydi.
Keraksiz soʻrovlar kelsa-chi?
Yuboruvchini bloklang: «Bloklash» qarz menyusida ham, bildirishnomada ham bor. Bloklanganlar sizga soʻrov va taklif yubora olmaydi. Ularning roʻyxati «Sozlamalar» → «Bloklanganlar»da, blokdan chiqarish ham shu yerda.
Guruhlar
Safar, ijaradagi uy yoki toʻy-bayram: kim toʻladi va kim kimga qancha qarzdor.
Guruhni qanday ochaman?
Bosh ekranda «Guruhlar» → «Yangi guruh». Guruhga nom bering (masalan, «Xonadoshlar» yoki «Samarqand safari») va odamlarni qoʻshing. Raqami yoki emaili yozilgan odamga taklif oʻzi boradi, qolganlarga keyin taklif kodini ulashasiz.
Xarajat qanday boʻlinadi?
«Xarajatlar» boʻlimida yangi xarajat qoʻshing: «Kim toʻladi?» — bitta odam, «Kimlar uchun» — xarajat kimlar orasida boʻlinadi. Summa tanlanganlar orasida teng boʻlinadi. Chek rasmlarini ham qoʻshsa boʻladi — 5 tagacha.
Kim kimga qancha toʻlashini qanday bilaman?
«Hisob-kitob» boʻlimi hammaning xarajatini oʻzaro hisoblab, kim kimga qancha toʻlashini koʻrsatadi. Toʻlovlar koʻp boʻlmaydi: N kishilik guruhda koʻpi bilan N − 1 ta.
Pulni oʻzingiz berasiz — naqd yoki oʻtkazma bilan. Debix pul oʻtkazmaydi, faqat yozib boradi: toʻlovni siz yozasiz, oluvchi qabul qiladi va qarz yopiladi. Hamma toʻlagach, guruhda «Hisob teng» chiqadi.
Kimdir unutib qoʻysa, uning qatoridagi eslatish tugmasi unga bildirishnoma yuboradi.
Guruhga qanday qoʻshilaman?
Taklif kodi yoki QR bilan: «+» → «Qoʻshilish» (yoki «Guruhlar»dagi «Kod bilan qoʻshilish»), soʻng 6 belgili kodni kiriting yoki QR-kodni skanerlang.
Ilova hali yoʻq boʻlsa, uni taklif havolasidan oʻrnating — kirganingizdan keyin taklif oʻzi ochiladi.
Kod guruh sozlamalarida, «Taklif kodi»da turadi: nusxa olish, ulashish va QR shu yerda. Bu kod bilan istalgan odam qoʻshila oladi, shuning uchun uni faqat guruhdagilarga yuboring. Kod begona qoʻlga tushsa — «Kodni yangilash»: eski kod ishlamay qoladi.
Guruhda kim nima qilganini qayerdan koʻraman?
Guruh menyusi («…») → «Tarix»: hamma harakatlar oyma-oy va kunma-kun. Shu menyudagi «Hisobot» guruh hisobotini PDF yoki matn koʻrinishida ulashadi — bepul.
Internetsiz
Debix internet boʻlmaganda ham ishlayveradi.
Internet boʻlmasa-chi?
Qarz, yozuv, guruh xarajati va toʻlovlar navbatga tushadi va internet qaytishi bilan oʻzi yuboriladi. Qidiruv va «Statistika» internetsiz ham ishlaydi.
Ayrim amallar faqat internet bilan ishlaydi, masalan hisobni oʻchirish — ilova buni «Internet kerak» deb aytadi.
Yozuvim yuborilganini qanday bilaman?
Yuborilmagan amali bor qarz qatorida kichik belgi turadi. Uni bossangiz, «Yuborilmagan amallar» ochiladi: «Navbatda» — internetni kutayotganlar, «Yuborilmadi» — yuborib boʻlmaganlar. Ularni «Qayta yuborish» yoki «Hammasini yuborish» bilan oʻzingiz yuborasiz.
Premium
Hozir hamma imkoniyat bepul. Premium keyinroq ixtiyoriy obuna boʻlib chiqadi. Qarzlar, guruhlar va eslatmalar unga bogʻliq emas.
Hisob va maʼlumotlar
Til, mavzu, maxfiylik va hisobni oʻchirish.
Ilova tilini qanday oʻzgartiraman?
Ilovada Sozlamalar → Boshqa sozlamalar → Ilova tili
Oʻzbek, rus yoki ingliz tilini tanlang. Bu saytning tili esa yuqoridagi til tugmasi bilan almashadi.
Mavzuni qanday almashtiraman?
Ilovada Sozlamalar → Mavzu
«Tizim boʻyicha», «Yorugʻ» yoki «Qorongʻi». Hozir hammasi bepul; qorongʻi mavzu va «Tizim boʻyicha» keyinroq Premiumga oʻtishi mumkin.
Balansni begona koʻzdan qanday yashiraman?
Ilovada Sozlamalar → Boshqa sozlamalar → Balansni yashirish
Shu kalitni yoqing. Ilovani butunlay qulflash uchun esa «Ilova qulfi» bor: 4 xonali PIN-kod va, xohlasangiz, barmoq izi. Hozir u bepul, keyinroq Premiumga oʻtishi mumkin.
Maʼlumotlarim qayerda saqlanadi?
Yozuvlaringiz Debix serverida (Oʻzbekiston) saqlanadi. Internetsiz ishlashi uchun ularning nusxasi telefoningizda ham turadi. Kontaktlaringiz roʻyxati serverga yuborilmaydi — faqat siz tanlagan odamning ismi va raqami (yoki emaili). Birgalikdagi qarzni qabul qilganingizda esa yuboruvchini kontaktlaringizda qanday nom bilan saqlagan boʻlsangiz, oʻsha ism ham yuboriladi.
Hisobimni qanday oʻchiraman?
Ilovada Sozlamalar → profil kartangiz → Hisobni oʻchirish
Tasdiqlash kirish usuliga qarab: Google — emailingizga kelgan 5 xonali kod bilan, Telegram — @DebixUz_Bot botidagi tugma bilan.
Maʼlumotlaringiz serverdan darhol oʻchiriladi. Birgalikdagi qarz va guruhlarda esa ismingiz va umumiy hisob-kitob sheriklaringizda qoladi — ular hisobda adashmasin. Shu Google yoki Telegram bilan qayta kirsangiz, yangi boʻsh hisob ochiladi.
Buni qaytarib boʻlmaydi.
Ilova yoʻqmi? support@debix.uz manziliga hisobingizga bogʻlangan email yoki telefon raqamini yozib yuboring — 30 kun ichida javob beramiz. Nima oʻchadi, nima qoladi
Aloqa
Javob topmadingizmi? Bizga yozing.
Xatga nimalarni yozish kerak
- hisobingizga bogʻlangan email yoki telefon raqami;
- telefon modeli va Android versiyasi;
- nima qilganingiz va nima boʻlgani — qisqa qilib.
Skrinshotda boshqalarning ismi yoki raqami koʻrinsa, ularni yashiring.
Ilovadan ham yozsa boʻladi: «Sozlamalar» → «Yordamga yozish».