Asosiy qismga oʻtish
dbx Debix
  • Imkoniyatlar
  • Premium
  • Yordam
UZ RU EN
Tez orada

Huquqiy

Foydalanish shartlari

Debix — qarzlar va umumiy xarajatlar daftari. Bu shartlar undan qanday foydalanishni oddiy tilda tushuntiradi.

Oxirgi yangilanish 2026-yil 10-noyabr

Bu hujjat rus va ingliz tillarida ham bor: Русский · English

Mundarija
  1. Biz kimmiz
  2. Debix nima
  3. Kim foydalana oladi
  4. Hisobingiz
  5. Halol foydalanish
  6. Umumiy yozuvlar
  7. Premium
  8. Oʻzgarishlar
  9. Javobgarlik
  10. Toʻxtatish
  11. Qoʻllaniladigan qonun
  12. Aloqa

Qisqasi

  • Debix hisob-kitobni yozib borish uchun. Pul sizlar orasida, Debixdan tashqarida yuradi.
  • Debixdan 13 yoshdan boshlab foydalanish mumkin.
  • Yozuvlarni oʻzingiz kiritasiz. Odamga bosim oʻtkazish uchun soxta qarz yozmang.
  • Hozir hamma imkoniyat bepul. Premium keyinroq chiqadi va ixtiyoriy boʻladi: obuna Google Play orqali olinadi va oʻsha yerda bekor qilinadi.
  • Hisobni istalgan vaqtda oʻchirasiz. Ismingiz va umumiy hisob-kitob sheriklaringizda qoladi.

Biz kimmiz va bu shartlar nima

Debix ilovasi va debix.uz saytini «Alif Service» ishlab chiqadi va yuritadi. Matnda «biz» deganda «Alif Service» nazarda tutiladi.

Shartlar Debixdan foydalanish qoidalarini belgilaydi. Ilovaga kirish ekranida «Davom etib, Foydalanish shartlariga rozilik bildirasiz» degan yozuv bor: kirish orqali siz shu shartlarga rozilik bildirasiz. Rozi boʻlmasangiz, Debixdan foydalanmang.

Shaxsiy maʼlumotlar bilan qanday ishlashimiz alohida hujjatda yozilgan: Maxfiylik siyosati. Unda Debix foydalanadigan tashqi xizmatlar ham sanab oʻtilgan, jumladan Google Firebase (kirish, bildirishnomalar, analitika va nosozlik hisobotlari).

Debix nima va nima emas

Debix qiladi

  • Qarzlar, toʻlovlar va umumiy xarajatlarni yozib boradi
  • Birgalikdagi qarz va guruhlarda sheriklarga bitta hisobni koʻrsatadi
  • Muddatni eslatadi va hisobot tayyorlaydi

Debix qilmaydi

  • Pul oʻtkazmaydi, qabul qilmaydi va saqlamaydi
  • Qarz bermaydi va qarz olmaydi
  • Bank, toʻlov tizimi yoki kredit tashkiloti emas
  • Qarzni undirmaydi va hech kimni toʻlashga majburlamaydi

Debixdagi yozuvlarni foydalanuvchilarning oʻzi kiritadi. Biz summa, sana va izohlarning toʻgʻriligini tekshirmaymiz va kafolatlamaymiz. Birgalikdagi qarz sherik taklifni qabul qilgandan keyin boshlanadi. Guruh hisob-kitobini Debix foydalanuvchisi taklifni qabul qilgandan keyin koʻradi, ungacha guruhdagilar uni ismi bilan yozib borishi mumkin.

Debixdagi yozuv qarz shartnomasi, tilxat yoki notarial hujjat oʻrnini bosmaydi. Kelishmovchilikni tomonlar oʻzaro hal qiladi.

Debix hech qachon pul oʻtkazmaydi va qarz bermaydi. Pulni oʻzingizga qulay yoʻl bilan berasiz va olasiz, Debix esa buni yozib qoʻyishga yordam beradi.

Kim foydalana oladi

Debix 13 yosh va undan katta odamlar uchun. U 13 yoshgacha bolalarga moʻljallanmagan.

Agar mamlakatingiz qonuniga koʻra hali voyaga yetmagan boʻlsangiz, Debixdan ota-onangiz yoki vasiyingiz roziligi bilan foydalaning.

Hisobingiz

  • Debixga Google hisobingiz yoki Telegram orqali kirasiz, alohida parol oʻylab topish shart emas. Telegram orqali kirganda @DebixUz_Bot botiga telefon raqamingizni yuborasiz va u hisobingizga bogʻlanadi.
  • Bitta hisob bitta odamga tegishli. Hisobingizni boshqalarga bermang va boshqa odam nomidan hisob ochmang.
  • Telefoningizni, Google hisobingizni va Telegramingizni himoyalang: Debix hisobingizga ular orqali kiriladi. Debixda ilova qulfi ham bor.
  • Hisobingizdan begona odam foydalanayotganini sezsangiz, darhol support@debix.uz manziliga yozing.

Halol foydalanish

Debix odamlar orasidagi ishonchga tayanadi. Shuning uchun quyidagilar taqiqlanadi:

  • odamlarni bezovta qilish, haqorat qilish yoki qoʻrqitish, jumladan izoh, rasm va soʻrovlar orqali;
  • odamga bosim oʻtkazish yoki uni uyaltirish uchun soxta yoki oshirilgan qarz yozish;
  • boshqa odam nomidan ish koʻrish yoki birovning hisobiga ruxsatsiz kirish;
  • qonunga zid, behayo yoki birovning huquqini buzadigan rasm va matn yuklash;
  • ommaviy taklif va soʻrovlar (spam) yuborish, Debixni avtomatik vositalar bilan ishlatish, uning ishiga xalaqit berish yoki himoyasini aylanib oʻtishga urinish.

Boshqalar haqidagi maʼlumot

Debixga kimnidir qoʻshganda, uning ismi va telefon raqamini (guruhda emailini ham) yozasiz yoki kontaktlaringizdan tanlaysiz. Bu maʼlumotni faqat oʻsha odam bilan hisob-kitob uchun kiriting va boshqalarga tarqatmang.

Raqam va emailni toʻgʻri kiriting. Birgalikdagi qarz taklifi shu raqamga bogʻlangan Debix hisobiga boradi. Guruhga email bilan qoʻshilgan odam hali Debixda boʻlmasa, unga ismingiz, guruh nomi va taklif kodi yozilgan xat yuboriladi.

Bloklash va shikoyat

Kimdir bezovta qilsa, uni ilovada bloklang. Bloklangan odam sizga soʻrov va taklif yubora olmaydi, u bilan birgalikdagi qarzlar toʻxtaydi. Qoidabuzarlik haqida support@debix.uz manziliga yozing, murojaatni koʻrib chiqamiz.

Umumiy yozuvlar

Birgalikdagi qarz yoki guruhga qoʻshgan summa, sana, izoh va rasmlaringiz oʻsha qarz yoki guruhdagi sheriklaringizga koʻrinadi, ismingiz ham. Sheriklar bu yozuvlarni hisobot qilib saqlashi yoki ekrandan rasmga olishi mumkin, bunday nusxalarni biz oʻchira olmaymiz. Ulashishdan oldin buni hisobga oling.

Rasmlar havola orqali ochiladi: havolasi bor odam rasmni ilovasiz ham koʻra oladi. Rasmga hujjat, karta raqami, parol kabi maxfiy narsalarni qoʻymang.

Kiritgan maʼlumotlaringiz sizniki boʻlib qoladi. Siz bizga ularni saqlash, qurilmalaringiz orasida sinxronlash, siz ulashgan odamlarga koʻrsatish va ular haqida bildirishnoma yuborishga ruxsat berasiz. Bu ruxsat faqat Debix ishlashi uchun kerak. Bildirishnomalar Google Firebase orqali yetkaziladi va ularda ism, summa va izoh boʻlishi mumkin. Batafsil: Maxfiylik siyosati.

Hisobingizni oʻchirsangiz, oʻz maʼlumotlaringiz oʻchiriladi, lekin ismingiz va umumiy hisob-kitob sheriklaringizda qoladi: birgalikdagi qarzlar, guruh xarajatlari va ularga qoʻshilgan rasmlar sheriklarda avvalgidek koʻrinadi. Bu yozuvlar sheriklar hisob-kitobining bir qismi, shuning uchun ularni sheriklarga koʻrsatishda davom etamiz. Batafsil: Hisobni oʻchirish.

Premium

Hozir Debixning barcha imkoniyatlari bepul. Keyinroq ixtiyoriy Premium obunasi ishga tushadi: u qarz papkalarini yaratish va tahrirlash, PDF hisobotlar, analitika, qorongʻi mavzu va ilova qulfini ochadi. Shaxsiy va birgalikdagi qarzlar hamda guruhlar bepul qoladi. Premium yoqilishidan oldin ilovada xabar beramiz. Quyidagi shartlar Premium ishga tushgandan keyin amal qiladi.

  • Obuna Google Play orqali 1, 3, 6 yoki 12 oyga olinadi. Narx toʻlovdan oldin Google Playda koʻrsatiladi, rejalashtirilgan narxlar Premium sahifasida.
  • Toʻlovni Google Play qabul qiladi. Karta maʼlumotlaringiz bizga kelmaydi.
  • Obuna avtomatik yangilanadi: davr tugashidan oldin bekor qilmasangiz, Google Play keyingi davr uchun toʻlov oladi.
  • Obunani Google Playdagi «Obunalar» boʻlimida yoki ilovadagi «Obunani boshqarish» tugmasi orqali bekor qilasiz. Bekor qilingandan keyin Premium toʻlangan davr oxirigacha ishlaydi.
  • Debix hisobini oʻchirish obunani bekor qilmaydi. Uni Google Playda alohida bekor qiling.
  • Pulni qaytarish Google Play qoidalari asosida koʻriladi. Muammo boʻlsa, support@debix.uz manziliga ham yozing. Pul qaytarilsa, Premium darhol oʻchadi.
  • Yangi telefonda oʻsha Google Play hisobi va oʻsha Debix hisobi bilan kirib, «Xaridni tiklash» tugmasini bosing, Premium qaytadi. Xarid u qilingan Debix hisobiga bogʻlangan boʻladi: boshqa Debix hisobida «Xaridni tiklash» ishlamaydi.

Premium imkoniyatlari va narxlari oʻzgarishi mumkin. Bu haqda oldindan xabar beramiz, faol obunalar narxi esa Google Play tartibi boʻyicha oʻzgaradi.

Xizmat va shartlardagi oʻzgarishlar

Debix doim ishlab turishi uchun harakat qilamiz, lekin uzluksiz ishlashini kafolatlay olmaymiz: texnik ishlar, nosozliklar yoki bizga bogʻliq boʻlmagan sabablar tufayli tanaffus boʻlishi mumkin. Ilova va uning imkoniyatlari vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib boradi.

Shartlarni oʻzgartirsak, shu sahifani va «Oxirgi yangilanish» sanasini yangilaymiz. Muhim oʻzgarishlar haqida ular kuchga kirishidan oldin ilovada yoki shu sahifada xabar beramiz. Shundan keyin ham foydalanishda davom etsangiz, yangi shartlarga rozi boʻlgan hisoblanasiz. Rozi boʻlmasangiz, Debixdan foydalanishni toʻxtatib, hisobingizni oʻchirishingiz mumkin.

Javobgarlik

Qonun ruxsat bergan darajada:

  • Debix «boricha» taqdim etiladi;
  • foydalanuvchilar oʻrtasidagi qarzlar, kelishuvlar va nizolar uchun javob bermaymiz, chunki biz ularda taraf emasmiz;
  • foydalanuvchilar kiritgan yozuvlarning toʻgʻriligi va shu yozuvlarga tayanib qabul qilingan qarorlar uchun javob bermaymiz;
  • bilvosita zarar va boy berilgan foyda uchun javob bermaymiz.

Bu boʻlim qonun boʻyicha cheklab boʻlmaydigan huquqlaringizni, jumladan isteʼmolchi huquqlarini cheklamaydi.

Foydalanishni toʻxtatish

Debixdan istalgan vaqtda voz kechib, hisobingizni ilovaning oʻzida oʻchirishingiz mumkin. Oʻchirishni qaytarib boʻlmaydi: shu Google yoki Telegram bilan qayta kirsangiz, yangi boʻsh hisob ochiladi. Ilovaga kira olmasangiz, hisobga bogʻlangan email yoki telefon raqamini koʻrsatib support@debix.uz manziliga yozing, 30 kun ichida javob beramiz. Hisob sizniki ekanini tasdiqlashni soʻrashimiz mumkin. Qanday qilish kerakligi: Hisobni oʻchirish.

Shartlar buzilsa, firibgarlik yoki suiisteʼmol aniqlansa yoki qonun talab qilsa, hisobingizni cheklashimiz yoki bloklashimiz mumkin. Imkon boʻlsa, sababini aytamiz. Xato boʻlgan deb hisoblasangiz, bizga yozing.

Qoʻllaniladigan qonun

Bu shartlarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari qoʻllaniladi. Nizo chiqsa, avval bizga yozing, uni muzokara yoʻli bilan hal qilishga harakat qilamiz. Kelisha olmasak, nizo Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda sudda koʻriladi.

Shartlar oʻzbek, rus va ingliz tillarida eʼlon qilinadi. Matnlar orasida farq boʻlsa, oʻzbekcha matn asos boʻladi.

Aloqa

Email
support@debix.uz
Ishlab chiquvchi
«Alif Service»

Tez orada · Android 7.0+

Daftar choʻntagingizda

Debix tez orada Google Playda. Birinchilardan boʻlib xabar topish uchun Xʼdagi sahifamizni kuzatib boring. Bepul, oʻzbek, rus va ingliz tillarida.

Tez oradaGoogle Playda Doʻstingizga ishora qiling (yangi oynada)
dbx Debix

Hisob-kitob doim yoningizda

Mundarija

Qarzlar va umumiy xarajatlar daftari.

Debix

  • Imkoniyatlar
  • Premium
  • Yordam
  • Jamoa

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni oʻchirish

Aloqa

  • support@debix.uz
  • X · @debix_uz (yangi oynada)
dbx

Debix © 2026 · Alif Service ishlab chiqqan

Debix Premium Yordam