Asosiy qismga oʻtish
dbx Debix
  • Imkoniyatlar
  • Premium
  • Yordam
UZ RU EN
Tez orada

Huquqiy

Maxfiylik siyosati

Debix — qarzlar va umumiy xarajatlar daftari. Bu yerda ilova va sayt qanday maʼlumot olishi, uni nima uchun ishlatishi va siz uni qanday boshqarishingiz oddiy tilda yozilgan.

Oxirgi yangilanish 2026-yil 10-noyabr

Bu hujjat rus va ingliz tillarida ham bor: Русский · English

Mundarija
  1. Qisqacha
  2. Biz kimmiz
  3. Qanday maʼlumot olamiz
  4. Nima uchun
  5. Huquqiy asos va rozilik
  6. Kim koʻradi
  7. Qayerda saqlanadi
  8. Qancha saqlanadi
  9. Huquqlaringiz
  10. Hisobni oʻchirish
  11. Xavfsizlik
  12. Telefondagi nusxa
  13. Bolalar
  14. Shu sayt
  15. Siyosatdagi oʻzgarishlar
  16. Bogʻlanish

Qisqacha

  • Debix pul oʻtkazmaydi va qarz bermaydi. U faqat siz yozgan hisob-kitobni saqlaydi. Bank kartangiz Debixga kerak emas.
  • Manzillar kitobingiz serverga yuklanmaydi. Kontaktlar telefonning oʻzida oʻqiladi; serverga faqat siz qoʻshgan yoki qarzini qabul qilgan odamning ismi va raqami yoki emaili ketadi.
  • Umumiy yozuvni sheriklaringiz koʻradi. Birgalikdagi qarz yoki guruhdagi yozuvlar ularda ham turadi.
  • Ilovada reklama yoʻq. Ilovani yaxshilash uchun Google Firebase statistikasi va xato hisobotlaridan foydalanamiz.
  • Hisobni istalgan payt oʻchirasiz. Oʻz maʼlumotlaringiz serverimizdan oʻchadi; ismingiz va umumiy hisob-kitob sheriklaringizda qoladi.
  • Savol boʻlsa — yozing. support@debix.uz, 30 kun ichida javob beramiz.

Biz kimmiz

Debix ilovasini va debix.uz saytini «Alif Service» ishlab chiqqan va boshqaradi. Shu siyosatda «biz» deganda «Alif Service» nazarda tutiladi. Biz siz Debixga kiritgan maʼlumotlar uchun javobgarmiz.

Nomi
«Alif Service»
Email
support@debix.uz

Bu siyosat Android uchun Debix ilovasiga va shu saytga tegishli. Ilovadan foydalanish qoidalari — Foydalanish shartlarida.

Biz qanday maʼlumot olamiz

Quyida ilova oladigan maʼlumotlarning hammasi. Ularning aksariyati ilova ishlashi uchun kerak, statistika va xato hisobotlari esa ilovani yaxshilash uchun. Har guruh nima uchun kerakligi pastda, 4-boʻlimda.

Hisob

  • Google orqali kirsangiz — ismingiz va email manzilingiz. Kirishni Google Firebase Authentication tekshiradi; biz Google hisobingizdan boshqa ruxsat soʻramaymiz.
  • Telegram orqali kirsangiz — @DebixUz_Bot botida «Raqamimni yuborish» tugmasini bosasiz. Botni ochganingizda biz Telegram identifikatoringiz va ismingizni, tugmani bosganingizda telefon raqamingizni olamiz. Telegram foydalanuvchi nomingiz ham botga keladi, lekin biz uni saqlamaymiz. Shu Telegram yoki shu raqam bilan Debix hisobingiz boʻlsa, kirish oʻsha hisobga ulanadi.
  • Debix uchun alohida parol yaratmaysiz.

Telefon va aloqa emaili (ixtiyoriy)

Raqamingizni Telegram bot orqali tasdiqlashingiz mumkin — shunda doʻstlaringiz sizga qarzni raqamingiz boʻyicha yubora oladi. Raqam tasdiqlangach, shu raqamga yuborilgan, javob kutayotgan qarz soʻrovlari va guruh takliflari sizga yetib keladi. Agar shu raqam boshqa Debix hisobida tasdiqlangan boʻlsa, oʻsha hisobdan olib tashlanadi. Qoʻshimcha aloqa emailini ham qoʻshishingiz mumkin; u emailga yuborilgan kod bilan tasdiqlanadi.

Raqamingiz Debixda roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, uni bilgan boshqa foydalanuvchi qarzni ulashayotganda shu raqam Debixda borligini koʻra oladi.

Qarzlar, guruhlar va yozuvlar

Siz kiritgan hamma narsa: qarzlar, yozuvlar, summa va valyuta, sanalar va qaytarish muddati, izohlar, papkalar, toʻlov soʻrovlari; guruhlar, ularning nomi, aʼzolari, xarajatlar, ulushlar va toʻlovlar; bloklagan foydalanuvchilaringiz roʻyxati.

Eslatmalar vaqtida yetib borishi uchun serverda saqlanadi: qarzga oʻzingiz qoʻygan eslatmalar (sana va vaqt, takrorlanishi, izoh va vaqt mintaqangiz) hamda birgalikdagi qarz yoki guruhda sherigingizga yuborgan eslatmalar (kim va qachon yuborgani, ixtiyoriy izoh). Ilovada oʻz eslatmalaringizni faqat siz koʻrasiz, sherikka yuborilgan eslatmani esa siz va u koʻradi. Hisobingiz oʻchirilganda shaxsiy eslatmalaringiz va birgalikdagi qarzlardagi eslatmalar serverdan oʻchiriladi, guruhda yuborgan eslatmalaringizdan esa izoh olib tashlanadi. Sherigingizga allaqachon kelgan bildirishnoma uning ilovasida qolishi mumkin.

Rasmlar

Profil rasmingiz, kontakt va papka rasmlari, yozuv yoki guruh xarajatiga biriktirgan rasmlar (har biriga 5 tagacha) va yordam chatiga yuborgan skrinshotlar. Rasmni Androidning rasm tanlash oynasidan yoki kamera ilovasidan olasiz — Debix galereyangizning qolgan qismini koʻrmaydi va kameraga ruxsat soʻramaydi.

Yuborishdan oldin ilova rasmni kichraytirib, qayta siqadi; bunda joylashuv kabi metamaʼlumotlar olib tashlanadi. Agar rasmni qayta ishlab boʻlmasa, u asl holicha, metamaʼlumotlari bilan yuboriladi. Fayl nomi ham yuboriladi. Yuklangan rasm uzun, taxmin qilib boʻlmaydigan havola orqali ochiladi: havolani bilgan har kim uni hisobga kirmasdan koʻra oladi.

Siz qoʻshgan odamlar

Qarzga odam qoʻshsangiz — uning ismi va (kiritsangiz) telefon raqami, guruhga qoʻshsangiz — ismi va telefon raqami yoki emaili serverda sizning yozuvlaringiz tarkibida saqlanadi, u Debixdan foydalanmasa ham. Guruhga email bilan qoʻshilgan odamga biz taklif xatini yuboramiz: unda guruhdagi ismingiz, guruh nomi va taklif kodi boʻladi. Iltimos, faqat bunga qarshi boʻlmaydigan odamlarni qoʻshing.

Telefon kontaktlari

Debix kontaktlarga ruxsatni faqat oʻz izohini koʻrsatgandan keyin soʻraydi. Ruxsat bersangiz, ilova odamni tez tanlash roʻyxatini koʻrsatish uchun kontaktlardagi ismlar, raqamlar, emaillar va kontakt rasmlarini telefonning oʻzida oʻqiydi. Manzillar kitobi hech qachon serverga yuklanmaydi va saqlab qoʻyilmaydi. Ruxsat bermasangiz, ismni va raqamni qoʻlda yozasiz.

  • Serverga faqat siz tanlagan odamning ismi va bitta raqami yoki emaili ketadi.
  • Guruh aʼzolarining raqamlarini kontaktlaringiz bilan faqat telefonda solishtiramiz, toki ular sizga tanish ism va rasm bilan koʻrinsin.
  • Birgalikdagi qarzni qabul qilganingizda, sherigingiz uchun kontaktlaringizda saqlagan ism serverga yuborilishi mumkin — qarz sizda shu nom bilan koʻrinadi.

Yordam chati

Ilovadagi «Yordamga yozish» orqali yuborgan xabarlaringiz va skrinshotlaringiz, shuningdek bizga emailda yozganlaringiz.

Qurilma va texnik maʼlumotlar

  • Bildirishnomalar uchun qurilma tokeni (Firebase Cloud Messaging), platforma, ilova tili; oxirgi kirish va oxirgi faollik vaqti; statistika uchun ilovadan foydalangan kunlar.
  • Har soʻrov bilan ilova tili, vaqt mintaqangiz, ilova identifikatori va versiyasi yuboriladi.
  • IP manzilingiz ulanish paytida koʻrinadi. Server undan soʻrovlar sonini cheklash uchun foydalanadi va uni hisobingizga yozmaydi.
  • Taklif havolasi orqali oʻrnatsangiz, ilova Google Playdan taklif kodini oladi va sizni oʻsha guruh yoki qarzga ulaydi.
  • QR-kodni Google Play xizmatlari telefonning oʻzida skanerlaydi.

Premium xaridlari

Hozir Premium sotilmaydi, shuning uchun toʻlov maʼlumotlari olinmaydi. Ishga tushgach, u shunday ishlaydi. Premium toʻlovini Google Play qabul qiladi — karta maʼlumotlaringizni biz koʻrmaymiz. Obunani tasdiqlash uchun ilova xarid tokeni va tanlangan rejani serverimizga yuboradi. Google Playga esa hisobingiz identifikatoridan hosil qilingan kod beriladi, toki xarid aynan sizning hisobingizga bogʻlansin. Premium muddatlari tarixi bizda saqlanadi.

Statistika va xato hisobotlari

Ilova Google Analytics for Firebase va Firebase Crashlyticsdan foydalanadi. Ular sukut boʻyicha yoqilgan; hozircha ilovada ularni oʻchirish tugmasi yoʻq.

  • Analytics — qaysi boʻlimlarni ochganingiz va mavzuni almashtirganingiz; Firebase oʻzi ham ilova ochilishi va seanslar, qurilma modeli, Android versiyasi, til va IP boʻyicha taxminiy hududni qayd etadi. Firebase ilova oʻrnatilishi identifikatorini ham oladi. Android reklama identifikatori yigʻilmaydi.
  • Crashlytics — ilova ishdan chiqqanda: xato tafsilotlari, qurilma modeli, Android va ilova versiyasi.
  • Biz ularga ismingiz, raqamingiz, hisob identifikatoringiz yoki qarzlaringizni yubormaymiz.

Maʼlumotdan nima uchun foydalanamiz

  • Hisobingizni yaratish va kirishingizni tekshirish.
  • Qarz va guruh yozuvlarini saqlash va telefonlaringiz oʻrtasida sinxronlash.
  • Siz tanlagan odamlar bilan yozuvlarni ulashish va takliflar yuborish.
  • Sherik yozuv qoʻshgani yoki soʻrov yuborgani haqida bildirishnoma yuborish.
  • Premium obunasini tasdiqlash (Premium ishga tushgach).
  • Murojaatlaringizga javob berish.
  • Hisoblarni suiisteʼmoldan himoya qilish: soʻrovlar limiti, tasdiqlash kodlari, bloklar.
  • Xatolarni tuzatish va ilovani yaxshilash (umumiy statistika orqali).
  • Qonun talablarini bajarish.

Maʼlumotlaringizdan reklama koʻrsatish uchun foydalanmaymiz — Debixda reklama yoʻq.

Huquqiy asos va rozilik

Maʼlumotlaringizni Oʻzbekiston Respublikasining «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida»gi Qonuniga muvofiq qayta ishlaymiz. Roʻyxatdan oʻtib, Debixdan foydalanganingizda shu siyosatda yozilgan qayta ishlashga rozilik bildirasiz. Kontaktlar va bildirishnomalar uchun Android alohida ruxsat soʻraydi; uni istalgan payt telefon sozlamalarida qaytarib olishingiz mumkin. Ayrim maʼlumotlarni xizmatni koʻrsatish, xavfsizlik yoki qonun talabi bilan qayta ishlaymiz.

Maʼlumotni kim koʻradi

Sheriklaringiz

Qarzni ulashsangiz, sherigingiz shu qarz boʻyicha yozuvlar, summalar, izohlar va rasmlarni koʻradi. Guruh aʼzolari guruhdagi ismingizni, xarajatlar, ulushlar, toʻlovlar va biriktirilgan rasmlarni koʻradi. Bildirishnomalarda sherigingiz ismingizni, guruh nomini, summa va izohni koʻradi.

Xizmat koʻrsatuvchilar

Ilova ishlashi uchun quyidagi kompaniyalar maʼlumotni bizning nomimizdan qayta ishlaydi:

XizmatNima uchunQaysi maʼlumot
Google — Sign-In va Firebase AuthenticationGoogle bilan kirishIsm, email, Google hisob identifikatori
Google — Firebase Cloud MessagingBildirishnomalarQurilma tokeni va bildirishnoma matni: ismlar, guruh nomi, summa, izoh
Google — Firebase CrashlyticsXato hisobotlariXato tafsilotlari, qurilma modeli, versiyalar
Google — Analytics for FirebaseFoydalanish statistikasiIlovadagi harakatlar, oʻrnatish identifikatori
Google PlayPremium toʻlovi (ishga tushgach)Xarid, reja, hisobingizdan hosil qilingan kod
TelegramBotda kirish, raqamni tasdiqlash, hisob oʻchirishni tasdiqlashTelegram identifikatori, ism, telefon raqami
Google (Gmail)Kodlar va taklif xatlariEmail manzili, xat matni
Sarkor TelecomServer, maʼlumotlar bazasi va rasmlarServerdagi barcha maʼlumotlar

Bizning jamoa

Yordam xodimlarimiz murojaatingizni koʻrib chiqish yoki suiisteʼmolni tekshirish uchun hisobingiz va yozuvlaringizni koʻrishi mumkin. Kirish xodimning roliga qarab cheklangan.

Maʼlumotni qonunda belgilangan hollarda va tartibda vakolatli davlat organlariga berishimiz mumkin.

Maʼlumot qayerda saqlanadi

Hisobingiz, yozuvlaringiz va rasmlaringiz xosting provayderimiz serverida saqlanadi (Oʻzbekiston). Firebase va Google Play orqali oʻtadigan maʼlumotlarni Google oʻz serverlarida, jumladan Oʻzbekistondan tashqarida qayta ishlaydi; Telegram orqali oʻtadiganlarini — Telegram.

Ilova tezroq va internetsiz ishlashi uchun yozuvlaringiz nusxasi telefoningizda ham turadi — bu haqda 12-boʻlimda.

Qancha saqlaymiz

  • Hisobingiz va yozuvlaringiz — hisobni oʻchirmaguningizcha.
  • Oʻchirgan qarzlaringiz, ularning yozuvlari va oʻchirgan rasmlaringiz — 30 kundan keyin serverdan butunlay tozalanadi. Shu vaqt ichida oʻchirilgani boshqa telefonlaringizga ham yetib boradi.
  • Guruhdan oʻchirilgan xarajat va toʻlovlar hozircha guruhning umumiy yozuvi sifatida serverda qoladi.
  • Yuklangan, lekin hech bir yozuvga biriktirilmagan rasmlar — 7 kun.
  • Yuborilgan email va SMS kodlari tarixi — 30 kun.
  • Telegram orqali kirish urinishlari (Telegram identifikatori, ism, telefon) — kirish havolasi 10 daqiqa amal qiladi, maʼlumot undan keyin yana 1 kun saqlanadi. Raqamni tasdiqlash urinishlari — 2 kun.
  • Statistika va xato hisobotlari hisobingizga bogʻlanmagan; Google ularni Firebase sozlamalarida belgilangan muddat saqlaydi.
  • Server jurnallari (ularda hisob identifikatori boʻladi) — 14 kun.
  • Server zaxira nusxalari — 30 kun; oʻchirilgan maʼlumot shu muddatda zaxiradan ham yoʻqoladi.

Huquqlaringiz

  • Koʻrish. Maʼlumotlaringizning katta qismi ilovada koʻrinadi. Toʻliq nusxasi kerak boʻlsa, bizga yozing.
  • Tuzatish. Ism, raqam, email va yozuvlarni ilovada oʻzgartirasiz.
  • Oʻchirish. Alohida yozuvlarni yoki butun hisobni ilovada oʻchirasiz — 10-boʻlim.
  • Rozilikni qaytarib olish. Kontaktlar va bildirishnomalar ruxsatini telefon sozlamalarida oʻchirasiz.
  • Shikoyat. Shaxsga doir maʼlumotlar boʻyicha vakolatli davlat organiga murojaat qilishingiz mumkin.

Soʻrovlarni support@debix.uz manziliga yuboring — 30 kun ichida javob beramiz. Hisob sizniki ekanini tasdiqlashni soʻrashimiz mumkin.

Hisobni oʻchirish

Debix ilovasidagi hisobingizni («Alif Service» ishlab chiqqan) istalgan payt oʻchirishingiz mumkin. Ilovada: Sozlamalar → profilingiz → Hisobni oʻchirish. Google bilan kirgan boʻlsangiz, emailingizga tasdiqlash kodi keladi (10 daqiqa amal qiladi); Telegram bilan kirgan boʻlsangiz, oʻchirishni botda tasdiqlaysiz. Ilovaga kira olmasangiz, support@debix.uz manziliga yozing va hisob qaysi email yoki telefon raqamiga bogʻlanganini koʻrsating. Hisob sizniki ekanini tekshirib, 30 kun ichida javob beramiz. Batafsil: Hisobni oʻchirish.

Serverdan darhol oʻchadi

  • Profilingiz: ism, email, telefon, Telegram identifikatori, profil rasmi
  • Qarzlaringiz, yozuvlaringiz, papkalar va kontakt kartalari
  • Siz yuklagan rasmlar va ularning diskdagi fayllari (sheriklaringiz koʻradiganlaridan tashqari)
  • Yordam chati, bildirishnomalar, qurilmalar, kodlar va kirish sessiyalari
  • Google bilan kirish yozuvi (Firebase Authentication)

Sheriklaringizda qoladi

  • Birgalikdagi qarzning sherikdagi nusxasi: yozuvlar, summalar, izohlar va ular koʻradigan rasmlar
  • Guruhdagi xarajatlar, toʻlovlar, biriktirilgan rasmlar va tarix
  • Sherik yozgan ismingiz va raqamingiz
  • Sheriklar telefonidagi nusxa, jumladan ular ochgan rasmlar keshi

Ismingiz va umumiy hisob-kitob sheriklaringizda qoladi. Birgalikdagi qarzlar va guruhlardan chiqasiz, lekin sheriklaringiz hisob-kitobda adashmasligi uchun ular koʻrgan yozuvlar oʻzgarmaydi.

  • Bazamizda hisobingiz oʻrnida faqat raqamli identifikator va ism qoladi: sheriklarning yozuvlari unga bogʻlangan. Unda login, email, telefon yoki Telegram identifikatori boʻlmaydi.
  • Premium muddatlari tarixi (qachon boshlangan va tugagan) umumiy statistika uchun qoladi, xodimlar harakatlari jurnali esa — javobgarlik uchun. Bu yozuvlar, identifikator va ism hozircha muddatsiz saqlanadi.
  • Firebase statistikasi va xato hisobotlari Debix hisobingizga bogʻlanmagan, shuning uchun hisob bilan birga oʻchmaydi: Google ularni Firebase sozlamalarida belgilangan muddat saqlaydi.
  • Biz yuborgan xatlar pochta qutingizda va email xizmati jurnallarida qoladi.
  • Server zaxira nusxalaridan maʼlumot 30 kun ichida yoʻqoladi.
  • Bot bilan yozishma Telegramingizda qoladi; uni biz oʻchira olmaymiz.
  • Shu Google yoki Telegram bilan qayta kirsangiz, yangi boʻsh hisob ochiladi. Oʻchirishni ortga qaytarib boʻlmaydi.

Xavfsizlik

  • Ilova server bilan faqat shifrlangan HTTPS ulanish orqali gaplashadi.
  • Siz Google yoki Telegram orqali kirasiz — Debix uchun parol saqlanmaydi.
  • Ilova qulfi PIN-kodi faqat telefoningizda, tuzli xesh koʻrinishida saqlanadi va serverga yuborilmaydi. Barmoq izini Android tekshiradi — Debix uni koʻrmaydi.
  • Ilova qulfi yoqilganda Debix ekranidan skrinshot olib boʻlmaydi, soʻnggi ilovalar roʻyxatida esa uning mazmuni yashiriladi.
  • Bildirishnomalar shaxsiy deb belgilanadi: Android sozlamalaringizga qarab, qulflangan ekranda ularning mazmuni koʻrinmaydi.

Hech bir tizim mutlaqo himoyalangan emas. Hisobingizda shubhali narsa koʻrsangiz, darhol bizga yozing.

Telefondagi nusxa va zaxira

Yozuvlaringiz nusxasi, siz qoʻshgan odamlarning ismlari va raqamlari hamda yuborilishini kutayotgan oʻzgarishlar telefoningizda saqlanadi. Hisobdan chiqqaningizda bu nusxa tozalanadi; koʻrilgan rasmlar keshi esa hisobni oʻchirganingizda tozalanadi. Telefoningizni ekran qulfi bilan himoya qiling.

Android zaxira nusxasi yoqilgan boʻlsa, Debixning telefondagi nusxasi — yozuvlar, profilingiz (telefon raqamingiz bilan) va yuborilishini kutayotgan rasmlar — Google hisobingizdagi zaxiraga va yangi telefonga oʻtishi mumkin. Kirish tokenlari va ilova qulfi sozlamalari zaxiraga kirmaydi. Bu zaxirani Google hisobingiz sozlamalarida boshqarasiz; Debix hisobini oʻchirish uni oʻchirmaydi.

Bolalar

Debix 13 yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallanmagan va biz ulardan bila turib maʼlumot olmaymiz. Farzandingiz Debixda hisob ochganini bilsangiz, bizga yozing — hisobni oʻchiramiz.

Shu sayt

Saytda cookie va reklama yoʻq. Tanlagan mavzuingiz (yorugʻ yoki qorongʻi) faqat brauzeringizda saqlanadi. Saytni Debix serveri yetkazadi (ilova bilan bir server); sahifani ochganingizda server IP manzilingiz va brauzer soʻrovini texnik jihatdan qayta ishlaydi va ularni jurnalga yozmaydi. Saytda statistika skriptlari yoʻq.

Siyosatdagi oʻzgarishlar

Ilova oʻzgarsa, bu siyosatni yangilaymiz va yuqoridagi sanani almashtiramiz. Muhim oʻzgarishlarni ilovada yoki shu sahifada alohida bildiramiz.

Bogʻlanish

Maxfiylik boʻyicha har qanday savol yoki soʻrov uchun: support@debix.uz. Ilovada «Yordamga yozish» orqali ham yozishingiz mumkin.

Tez orada · Android 7.0+

Daftar choʻntagingizda

Debix tez orada Google Playda. Birinchilardan boʻlib xabar topish uchun Xʼdagi sahifamizni kuzatib boring. Bepul, oʻzbek, rus va ingliz tillarida.

Tez oradaGoogle Playda Doʻstingizga ishora qiling (yangi oynada)
dbx Debix

Hisob-kitob doim yoningizda

Mundarija

Qarzlar va umumiy xarajatlar daftari.

Debix

  • Imkoniyatlar
  • Premium
  • Yordam
  • Jamoa

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni oʻchirish

Aloqa

  • support@debix.uz
  • X · @debix_uz (yangi oynada)
dbx

Debix © 2026 · Alif Service ishlab chiqqan

Debix Premium Yordam